Chiroyli.UZ siz kutgan portal !!!
Assalomu alaykum, bizning portalga xush kelibsiz :)
Reklama

Bir kunda qancha miqdorda gazli ichimlik ichish mumkin?

ERKIN7717 | (10-Iyul 2018, 20:10:03) | 69 | 0

Meduza nashri gazli ichimliklarning inson organizmiga aslida qanday ta’sir ko‘rsatishi borasida shifokor Artemiy Oxotin bilan suhbat uyushtirdi va masalaga aniqlik kiritdi.

Foto: Google Images

 —  Kola oshqozonda yara hosil qilishi rostmi?

— Yo‘q. Kola (kola deganda brend emas, gazli ichimliklar turi nazarda tutilgan) oshqozon devorini yemirishi — bu mif. Aslida kolaning kislotalilik darajasi ancha past. Shuningdek, gastrit va oshqozon yarasi kasalligining kelib chiqishi kola iste’mol qilish bilan bog‘liq ekani ham hali isbot qilinmagan.

—  Demak, kola odam organizmida aslida hech nimani yemirib tashlamas ekan-da?

— Yo‘q, kola tarkibidagi fosfor kislotasi tishlarning emal qatlamini parchalaydi va kalsiyni yemiradi. Koladagi shakar esa kariyesning shakllanishiga olib keladi. Agar kolani haddan tashqari ko‘p miqdorda iste’mol qilmasangiz, tishlarni o‘z vaqtida yuvib, muntazam ravishda stomatolog ko‘rigida bo‘lib tursangiz, gazli ichimlikning organizmga hech qanday zarari yo‘q.

— Unday bo‘lsa, kolaning asosiy ziyoni nimada? Uning tarkibidagi konservantlardami?

— Yo‘q. Kolaning asosiy zarari shundaki, u nihoyatda kaloriyali ichimlik hisoblanadi. 330 millilitr kola tarkibida 35 gramm shakar bor. Bu 9 ta choy qoshiq shakar degani. Shakar tez hazm bo‘ladigan uglevodlar sirasiga kiradi. Uning iste’moli semirishga olib keladi. Shuningdek, qandli diabetni keltirib chiqarishi ham mumkin.

— Aytishlaricha, olimlar semirish va shakar iste’mol qilish o‘rtasidagi bog‘liqlikni inkor qilgan.

— Ha, shakar va semirish epidemiyasi o‘rtasidagi bog‘liqlikni inkor qiladigan bir qancha ilmiy ishlar yozilgan. Ularning mualliflari semirishning asosiy sababi kamharakatlik deb hisoblaydi. Biroq yaqinda bu qarashlarni yoqlab chiqqan olimlarning Coca Cola kompaniyasi bilan yaqin aloqalarda ekani fosh bo‘ldi. Bu esa ularning ilmiy ishlariga bo‘lgan ishonchni so‘ndiradi.

— Qaysi biri zararliroq — Coca Cola yoki Pepsi?

— Aynan shu ichimliklarni hech kim solishtirib ko‘rmagan. Gazli ichimliklarning zararini o‘rganishga bag‘ishlangan ilmiy izlanishlarda ichimliklarning markasi ko‘rsatilmagan. Shuni ayta olamanki, gazli ichimliklar tarkibidagi shakar miqdori va kislotalilik darajasi bo‘yicha bir-biridan u qadar farq qilmaydi. Gazli ichimliklarning zarari haqida gapirilganda, ko‘pincha Coca Cola tilga olinadi, bu shunchaki kolaning mashhurroq ekani bilan bog‘liq.

— Xullas, sog‘liqqa zarar yetkazmay qancha miqdorda kola ichish mumkin?

— Sodda uglevodlar kunlik ratsionning 10 foizini tashkil qilishi tavsiya qilinadi. Bu degani, erkak kishilar — bir kunda 9 choy qoshiq, ayollar — 6 qoshiq, bolalar 3 qoshiq shakar iste’mol qilishi mumkin.  Demak, erkaklar bir kunda 1 banka (330 millilitr), ayollar — 1 stakan (200 millilitr) kola ichishi mumkin. Bu bir kunlik me’yor bo‘lgani uchun, bundan tashqari qahva va choyga shakar qo‘shib ichish yoki shirinlik iste’mol qilish mumkin emas. Bolalarga esa shirin ichimliklar umuman tavsiya qilinmaydi.

Yuklash txt | fb2

Maqolaga izoh qoldirish uchun Kirish sahifa orqali kirib izoh qoldirin!

Bosh sahifaga
Оnlayn: 7(1/6)
Ro'yxatdan o'tish
Tezlik: 0.018 s

Chiroyli.UZ siz kutgan portal !!!

Яндекс.Метрика